Bosh qahramon
Bosh qahramonlar (ENFJ) oʻzini hayotda ulkan maqsadga xizmat qilishga chaqirilgandek his qiladi. Mazkur oʻychan va idealistik shaxsiyat turlari boshqa odamlarga va ularning atrofidagi dunyoga ijobiy taʼsir koʻrsatishga intiladi. Hatto bu oson boʻlmasa ham, ular toʻgʻri yoʻl tutish imkoniyatidan kamdan-kam hollarda chekinadi.
Qahramonlar tugʻma yetakchilar boʻlgani bois, bu shaxslarni koʻplab taniqli siyosatchilar, murabbiylar va oʻqituvchilar orasida topish mumkin. Ularning ishtiyoqi va xarizmasi nafaqat karyeralarida, balki hayotning barcha jabhalarida, jumladan, shaxsiy munosabatlarda boshqalarni ilhomlantirish imkonini beradi. Doʻstlari va yaqinlari oʻz kamolini topishida yordam berishdan boshqa juda oz narsalar bosh qahramonlarga quvonch va qoniqish hissini olib kela oladi.
Butun dunyo jim turganida, hatto birgina ovoz ham qudratli kuchga aylanadi.
Haqiqatning yonini olish
Bosh qahramonlar oʻz qadriyatlari, jumladan, haqiqiylik va altruizm haqida ochiq gapirishdan qochmaydi. Agar biror narsa ularga nohaq yoki notoʻgʻri boʻlib koʻrinsa, ular bu haqda jim turmaydi. Shunga qaramay, ular kamdan-kam hollarda qoʻpol yoki tajovuzkor boʻlib koʻrinadi, chunki ularning sezgirligi va ziyrakligi, fikrni boshqalarga yetib boradigan tarzda aytish imkonini beradi.
Mazkur shaxsiyat turlari odamlarning ichki sabablari va maslaklarini ilgʻay oluvchi noodatiy qobiliyatga ega. Hatto baʼzida ular qanday qilib boshqa odamning ongi va qalbini bunchalik tez jalb qilganini tushunmaydi ham. Bunday ichki chaqnashlar bosh qahramonlarni juda ishonchli va ilhomlantiruvchi muloqotchilarga aylantirishi mumkin.
Bosh qahramonlarning yashirin quroli – ularning pok niyatidir. Ularni boshqa odamlar ustidan hukmronlik qilish yoki hokimiyatga ega chiqish istagidan koʻra, koʻproq toʻgʻri ish tutish istagi ilgari suradi. Bosh qahramonlar, boshqalar kelisha olmaydigan shaxslar bilan til topishishga harakat qilishadi. Natijada bunday shaxsiyat turidagi odamlar ayniqsa qalblariga yaqin masalalar haqida soʻz ochsa, soʻzamollik va muloyimlik bilan muloqot qila oladi.
Ishtirok etish
Bosh qahramonlar kimgadir gʻamxoʻrlik qilsa, bu necha pulga tushishidan qatʼi nazar, oʻsha odamning muammolarini hal qilishga koʻmaklashishni istaydi. Yaxshi jihat shundaki, aksariyat odamlar bosh qahramonlarning yordami va maslahatlari uchun minnatdor boʻladi. Har holda, bu shaxslar boshqalar hayotini yaxshilashga yordam bergani uchun oʻz obroʻsiga ega.
Biroq boshqalarning muammolariga kirish har doim ham muvaffaqiyat kaliti boʻlavermaydi. Bosh qahramonlar odamlar oʻzini yaxshilash uchun bajarishi kerak boʻlgan, ammo har doim ham bu oʻzgarishlarni amalga oshirishga tayyor boʻlmagan ishlar haqida aniq tasavvurga ega. Agar bosh qahramonlar juda qatʼiy turib olsa, ularning yaqinlari xafachilikni yoki asossiz qoralashni oʻzlarida his qilishi mumkin. Bu shaxsiyat turi ziyrakligi bilan mashhur boʻlsa-da, hatto eng dono bosh qahramonlar ham vaziyatni baʼzida notoʻgʻri talqin qilishi yoki oʻylamasdan yomon maslahat berib qoʻyishi mumkin.
Yoʻl boshlash
Mazkur shaxsiyat turiga ega odamlar fidoyi altruistlar boʻlib, oʻzi ishongan odamlar va gʻoyalarni himoya qilish uchun qarshi kurashishga tayyor turadi. Bosh qahramonlarning ishontira olishi, ularning tugʻma yetakchilik xislatlari, jumladan, odamlarni umumiy maqsad yoʻlida birlashtirish qobiliyatining takomillashuviga hissa qoʻshadi.
Ularning eng katta qobiliyati – oʻrnak boʻlishdir. Kundalik turmushida bosh qahramonlar bir qarashda oddiy vaziyatlarga rahm-shafqat, fidoyilik va gʻamxoʻrlik bilan yondashish mumkinligini koʻrsatib beradi. Bu shaxslar uchun hatto eng kichik kundalik tanlov va harakatlar, masalan, dam olish kunlarini qanday oʻtkazishdan tortib, muammoga yoʻliqqan hamkasbiga aytgan soʻzlarigacha – yorqin kelajakka koʻrsatuvchi yoʻl boʻlishi mumkin.