Konsul

ESFJ Shaxsiyat

Konsullar juda gʻamxoʻr, kirishuvchan, ijtimoiy faol odamlar boʻlib, ular har doim yordam berishga tayyor.

A scene depicting the ESFJ personality type (Consul). Two excited children are seated at a table, while their smiling ESFJ parents carry over wrapped presents and a birthday cake with lit candles. A loyal dog companion stands nearby, eager to join in the festivities. The scene conveys the joy and togetherness the ESFJ personality type finds in bringing loved ones together to honor important milestones and strengthen family bonds.
E Ekstravert S Kuzatuvchi F Hissiyot J Baho beruvchi

Konsul

Bir-biringizni ruhlantiring, yuksaltiring va kuchaytiring. Chunki bir kishiga tarqatilgan ijobiy energiyani barchamiz his etamiz.

Debora Dey

Konsullar (ESFJ) uchun hayot boshqalar bilan baham koʻrilganda shirinroqdir. Shaxsiyatning mazkur turiga ega odamlar aksariyat davralarning magʻzi hisoblanadi va ular oʻz uyi va qalbini doʻstlari, yaqinlari va qoʻshnilariga ochadi.

Bu konsullarga hamma yoqadi yoki ular avliyolar degani emas. Konsullar mehmondoʻstlik va yaxshi odobning qudratiga ishonadi va atrofdagilar oldidagi burchini his qilib turadi. Bunday saxiy va ishonchli shaxsiyat turiga ega odamlar koʻpincha oʻz oilasi va davralarini birlashtirishga xizmat qiluvchi katta va kichik masʼuliyatlarni zimmasiga olishdan bosh tortmaydi.

Konsullar odamlarga dalda boʻlish, ularga gʻamxoʻrlik qilish va ularni himoyalash boʻyicha isteʼdod sohibidir.
Konsul (ESFJ) Shaxsiyat

Masʼuliyatli hayot goʻzalligi

Konsullar altruist boʻladi. Ular yaxshilikka javob qaytarish, boshqalarga xizmat qilish va toʻgʻri ishlash masʼuliyatiga jiddiy qaraydi.

Konsullarning fikricha, har qaysi vaziyatda aniq va toʻgʻri yoʻl tutish mumkin. Bu masalaga ayrim shaxsiyat turlari “oʻzingni bil, birovnikiga aralashma” deb ataluvchi biroz marhamatliroq tamoyil bilan yondashsa, konsullar yanglish yoʻlni tanlaganlarni qoralashdan bazoʻr tiyilib turadi. Natijada konsullar, ular uchun alohida yaqin odamlarning, ularning fikrlariga qoʻshilmasligini hazm qila olmay qoladi.

Konsullar aniq chizilgan axloqiy chegaralarga ega va boshqa odamlarning xatti-harakatlari bu chegaralarga sigʻmasligi, ularni junbishga keltirishi mumkin.

Aniq farqlanuvchi yaxshi va yomon qarashlarga ega konsullarning oʻz fikri bor. Bu fikrlar oʻz-oʻzidan kelib chiqmagan boʻlib, koʻpincha anʼanalarga nisbatan chuqur hurmatga asoslanadi. Konsullar bajarayotgan har bir ish boshqa birovga taʼsir koʻrsatishini biladi va oʻrnatilgan qonunlar, udumlar va ijtimoiy meʼyorlar turmushda boshqalarga nisbatan eʼtiborli va masʼuliyatli boʻlishda yordam berishiga ishonadi.

Davomli munosabatlar oʻrnating

Dardkash va dilkash konsullar ziyofatda yaqqol ajralib turadi, chunki aynan konsullar boshqalar vaqtni maroqli oʻtkazishi uchun yugurib-yelpib yuradi. Biroq xato qilmang: konsullar shunchaki boshqa odamlar hayotining yonidan oʻtib ketmaydi. Butun vujudi bilan sodiq konsullar uzoq muddatli munosabatlar oʻrnatadi va yordam qoʻli yoki hamdard kerak boʻlganda ularga bemalol tayanish mumkin.

Konsullar tavallud ayyomi yoki bayramni kamdan-kam hollarda oʻtkazib yuboradi. Oʻz munosabatlariga sodiq boʻlgan konsullar doʻstlari va yaqinlari hayotining eng mayda tafsilotlarini ham eslab qoladi.

Tartib va izchillikni yaxshi koʻruvchi konsullar oʻz-oʻzidan yoki toʻsatdan sodir boʻladigan uchrashuvlardan koʻra, rejalashtirilgan tadbirlarni afzal koʻradi va hammasi benuqson oʻtishini taʼminlash uchun mezbonlik qilishdan mamnun boʻladi. Bunday shaxsiyat turiga ega odamlar boshqalar oʻzini alohida va mashhur his qilishi uchun katta kuch sarflaydi va bu saʼy-harakatlarni kimdir qadrlamasa, buni koʻngliga yaqin oladi.

Konsul shaxsiyat turiga ega aksariyat odamlar uchun hayotdagi eng katta qiyinchiliklardan biri bu – birovning, hatto eng yaqin va eng aziz insonlarning fikrlari yoki xatti-harakatlarini nazorat qila olmasligini qabul qilishdir. Xayriyatki, konsullar ular eplaydigan eng yaxshi ish – gʻamxoʻrlik, eʼtibor va masʼuliyatlilik namunasini koʻrsatish va bu jarayonda odamlarni birlashtirishga eʼtibor qaratish orqali orom va osoyish topa oladi.