Logist
Menga berilgan qobiliyatlarimdan foydalanmaslik meni koʻproq qoʻrqitgan boʻlardi. Xafsalasizlik va dangasalikdan koʻproq qoʻrqqan boʻlardim.
Logistlar (ISTJ) oʻzining vijdonli ekani bilan faxrlanadi. Bunday shaxsiyat turiga ega odamlar aytayotgan soʻziga jiddiy qaraydi va biror narsani vaʼda qilsa, buning uddasidan albatta chiqadi.
Mazkur shaxsiyat turi aholining salmoqli qismini tashkil qiladi. Logistlar unchalik porloq yoki eʼtiborni tortadigan boʻlmasa ham, jamiyat mustahkam va barqaror poydevorda turishi uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Oilalarida va davralarida ular ishonchli ekani, ishchan ekani va hatto eng murakkab vaziyatlarda ham sogʻlom mantiq va idrokni saqlab qolishi sababli hurmat qilinadi.
Uygʻunlashgan hayot
Logistlarning fikricha, oʻz-oʻziga boʻlgan hurmatning asosi shaxsiy vijdon tuygʻusidan kelib chiqadi. Bunday shaxsiyat turiga ega odamlar har qaysi vaziyatda toʻgʻri yoʻl borligiga va agar biror kishi buni qabul qilmasa, demak bu odam oʻz manfaatlarini oʻylab, qoidani buzishga harakat qilayotganlardan ekaniga ishonadi. Logistlar tuzilmalar va anʼanalarni chuqur hurmat qiladi va ularni koʻpincha aniq iyerarxiya va kutilmalarni taklif qiluvchi tashkilotlar, ish joylari va oʻquv muassasalari jalb qiladi.
Shaxsiyatning logist turiga ega odamlar oʻz harakatlari va tanlovlari uchun javobgarlikni zimmasiga olishdan kamdan-kam hollarda qochadi. Bu ularni yaxshi tomondan koʻrsatmasa ham, logistlar odatda oʻz xatolari va haqiqatni tez tan oladi. Logistlar uchun vijdonlilik koʻzboʻyamachilikdan ustun boʻlib, boshqalarni hayratlantirish uchun yolgʻon gapirishdan koʻra, oʻz vijdonini tinchlantirishni afzal koʻradi.
Logistlar hech narsaga qaramasdan oʻz majburiyatlarini bajarishga intilishi sababli, xuddi shu standartlarga rioya qila olmaydigan odamlardan hayratlanadi. Baʼzida logistlar aslida boshqa muammolarni hal qilayotgan odamlarni qattiqqoʻllik haqidagi oʻz tasavvurlariga mos kelmagani uchun nohaq qoralab, ularni dangasalik yoki insofsizlikda ayblashi mumkin. Logistlar bu mulohazalarni baland ovozda aytmasa ham, ularning odamlarga nisbatan bepisand munosabati kutilmagan vaqtda tashqariga chiqib ketadi va natijada logistlar haqida qattiqqoʻl yoki yoqimsiz odam tasavvuri shakllanib qoladi.
Oʻrin almashib turish
Logistiklarning fidoyiligi – ularning koʻplab yutuqlariga sababchi boʻlgan, havas qilishga arzigulik fazilatdir. Oʻz oʻrnida bu fazilat boshqa odamlar suiisteʼmol qiladigan zaif jihatga ham aylanishi mumkin. Kuchli mehnat axloqi va burch tuygʻusiga ega logistlar boshqa odamlarning masʼuliyatini muntazam oʻz zimmasiga olishi mumkin. Vaziyatdan shikoyat qilmaydigan logistlar hamkasblari, doʻstlari yoki yaqinlari uchun muntazam turib berishda davom etaversa, charchab yoki tushkunlikka tushib qolishi mumkin.
Logistlar oʻz his-tuygʻularini oson ifoda eta olishi bilan tanilmagan, ammo bu bunday shaxsiyat turiga ega odamlar oʻz zimmasiga ortiqcha masʼuliyat olganda, umidsizlik yoki norozilikni his qilmaydi degani emas. Agar logistlar munosabatlar muvozanatlashgan va barqaror ekaniga ishonch hosil qilmasa, ular himoya qilishi kerak boʻlgan aynan shu barqarorlikni buzib tashlashi mumkin. Logistlarning yaxshi jihati shundaki, tegishli chegaralarni belgilash va ortiqcha zoʻriqqanda yoʻq deya olish orqali ular dunyoga oʻzining koʻplab jihatlarini, jumladan, halollik, sodiqlik va ishonchlilikni taqdim qila oladi.